Qonunning 88-moddasiga koʻra, davlat ijrochisining xatti- harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Davlat ijrochisining qonuniy kuchga kirgan sud hujjatining ijrosi boʻyicha chora koʻrmaganligi yoki boshqa gʻayriqonuniy harakatlarni sodir etganligi sudga beriladigan shikoyatning obyekti boʻlishi mumkin. Davlat ijrochisining xatti-harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish MSIYUtKda nazarda tutilgan talablarga rioya qilingan holda ariza (shikoyat) berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Ushbu arizalar (shikoyatlar) MSIYUtKda belgilangan tartibda, ushbu Kodeksning 23-bobida nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqiladi.