Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qoʻllash boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida 4-band. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston…

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida (bundan buyon matnda Qonun deb yuritiladi) sud hujjatini ijroga qaratishning umumiy tartibi belgilangan boʻlib, unga koʻra ijro varaqasi, odatda, undiruvchiga berilishi lozim. FPKning 448-moddasiga muvofiq ijro varaqasi sud hujjati qonuniy kuchga kirgandan soʻng undiruvchiga beriladi. Sud ayrim fuqarolik ishlari yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarori boʻyicha ijro varaqasini undiruvchining iltimosiga asosan ijro qilish uchun bevosita ijro organiga yuborishi mumkin. IPK 336-moddasining beshinchi qismiga va MSIYUtK 278-moddasining toʻrtinchi qismiga muvofiq ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki uning iltimosnomasiga koʻra, davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi. FPK 449-moddasining ikkinchi qismiga , IPK 336-moddasining oltinchi qismiga va MSIYUtK 278-moddasining beshinchi qismiga muvofiq sud qarorlarining davlat daromadiga (budjetga) mablagʻlar undiriladigan toʻlovlar yuzasidan berilgan ijro hujjatlari sud tomonidan bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi boʻlimlariga yuboriladi. Ijro varaqasi (sud buyrugʻi) sudyaning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzida axborot tizimi orqali undiruvchiga va davlat ijrochisiga yuborilishi mumkin.