Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 10-band. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 80-moddasining toʻrtinchi qismi sudlanganlik…

Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, JK 80-moddasining toʻrtinchi qismi sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning oʻtishi toʻxtatilganda sudlanganlik holati tugallanilishiga oid qoidalarni belgilaydi. Jazoni oʻtab chiqqan shaxs sudlanganlik holati muddati tugamay turib yana jinoyat sodir etgan hollarda, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddat toʻxtatiladi. Sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning oʻtishi toʻxtatilganda ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holati muddati shaxs yangi jinoyat uchun tayinlangan jazoni oʻtab boʻlgandan soʻng yangidan oʻta boshlaydi, sudlanganlik holati oʻtayotgan davrda sodir etilgan yangi jinoyat uchun tayinlangan jazo ogʻirroq boʻlgan hollar bundan mustasno. Bunday holda sudlanganlik holatining tugallanish muddati yangi jinoyat uchun tayinlangan jazo muddatidan kelib chiqib aniqlanadi.