Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qoʻllash boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Jinoyat kodeksi 80-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilish…

Jinoyat kodeksi 80-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilish joylaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, shuningdek, jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan (JK 73 , 74-moddalari ) shaxsning sudlanganlik holati tugallanishi masalasini hal etishda sud tomonidan belgilangan jazo muddatidan emas, balki ozodlikdan mahrum qilish joylaridan ozod qilingan paytga qadar amalda oʻtalgan jazo muddatidan kelib chiqish lozim. Bunda sudlanganlik holatining tugallanish muddati ozodlikdan mahrum qilish joylaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsga nisbatan JK 73-moddasi qoʻllanilgan paytdan, jazosi yengilrogʻi bilan almashtirilgan shaxsga nisbatan esa — JK 74-moddasiga muvofiq belgilangan yengilroq jazo oʻtalgan paytdan boshlab hisoblanadi. Jinoyat kodeksi 80-moddasida belgilangan sudlanganlik holati tugallanishini hisoblash tartibi (amalda oʻtalgan jazo muddatidan kelib chiqqan holda jazo oʻtab boʻlingan yoki jazoni oʻtashdan ozod qilingan paytdan boshlab) yengilroq jazoni nazarda tutuvchi yangi qonun normasiga asosan jazosi qisqartirilgan shaxslarga nisbatan ham qoʻllaniladi.