Er va xotinning roziligi bilan masʼuliyati cheklangan jamiyat, qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyat, xoʻjalik shirkati ustav fondiga kiritilgan pul va mulkiy hissalar, jumladan, koʻchar va koʻchmas mulk mazkur tijorat tashkilotining mulki hisoblanadi. Bunda tijorat tashkiloti ustav fondidagi ulush er va xotinning umumiy birgalikdagi mulki hisoblanadi. Manfaatdor er yoki xotinning tijorat tashkilotidagi ulushning bir qismini unga oʻtkazib berish (ulushni boʻlish) haqidagi talabi faqatgina qonun yoki tijorat tashkilotining taʼsis hujjatlarida ulush (bir qismi)ni uchinchi shaxslarga oʻtish imkoniyati nazarda tutilgan hollarda qanoatlantirilishi mumkin. Bunda manfaatdor er yoki xotin qonun va taʼsis hujjatlarida belgilangan tijorat tashkiloti ishtirokchisi majburiyatlarini qabul qilishga rozi boʻlishi lozim. Aks holda manfaatdor er yoki xotin koʻrsatilgan tijorat tashkilotining ustav fondidagi unga tegishli ulushini pul shaklida ajratib berishni talab qilishga haqli. Nizolashilayotgan ulush qiymati tegishli tijorat tashkilotining faoliyatini tartibga soluvchi qonunda belgilangan qoidalar asosida aniqlanadi.