Er va xotinning umumiy mol-mulkini boʻlishga oid nizolarni toʻgʻri hal qilish uchun sudlar, birinchi navbatda, ularning egaligida va foydalanishida boʻlgan mol-mulkning qaysi biri qonunga koʻra er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki va qaysi biri har birining oʻz mulki ekanligini aniqlashlari zarur. Er-xotinning birgalikdagi umumiy mulki tarkibi Oʻzbekiston Respublikasining Oila kodeksi (bundan buyon matnda OK deb yuritiladi) 23-moddasiga muvofiq aniqlanadi. Mol-mulkni umumiy birgalikdagi mulk deb topish masalasini hal qilishda mol-mulk er yoki xotindan qaysi birining nomiga rasmiylashtirilganligi yoxud pul mablagʻlari qaysi biri tomonidan kiritilganligi ahamiyat kasb etmaydi. Er va xotinning yozma kelishuvi asosida aliment majburiyatlarini bajarish yuzasidan ulardan birining nomiga olingan mol-mulk er-xotinning umumiy birgalikdagi mulki hisoblanmaydi.