Oila kodeksi 151-moddasining 1-qismiga muvofiq farzandlikka olishga faqat voyaga yetmagan bolaning manfaatlarinigina koʻzlab yoʻl qoʻyilishidan kelib chiqqan holda sudlar, turar joyidan qatʼi nazar, farzandlikka olinuvchining qarindoshlari, farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs, aka-uka, opa-singillarni ular oʻrtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar, oʻgay ota va oʻgay ona, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar farzandlikka olishda ustun huquqqa ega ekanliklarini inobatga olishlari lozim. Shu bilan birgalikda chet el fuqarolari yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan bolani farzandlikka olishga agar bolani Oʻzbekiston Respublikasining uning hududida doimiy yashayotgan fuqarolariga farzandlikka berish imkoniyati mavjud boʻlmagan hollardagina yoʻl qoʻyilishi mumkinligi inobatga olinmogʻi lozim. Nazarda tutmoq lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolalarni farzandlikka olish Oʻzbekiston Respublikasida oʻz diplomatik vakolatxonasi mavjud boʻlgan davlatlarning fuqarolari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.