Sudlar tomonidan fuqarolik ishlari boʻyicha dalillar va isbotlashga oid qonun normalarini qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 11-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan, lekin sud…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan, lekin sud tomonidan hammaga maʼlum deb topilgan holatlar FPK 75-moddasining birinchi qismiga koʻra, isbotlashni talab etmaydi. Hammaga maʼlum holat deganda, jumladan, ham taraflarga va ham ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga aniq maʼlum boʻlgan fakt tushunilishi lozim. FPK 75-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq, fuqarolik, iqtisodiy yoki maʼmuriy ish boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan faktlar aynan shu shaxslar ishtirok etayotgan boshqa fuqarolik ishlari muhokamasi vaqtida yangidan isbot qilinmaydi va nizolashilishi mumkin emas. Jinoyat ishi boʻyicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi ustidan hukm chiqarilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlariga oid ishni koʻrib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilgan-etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilganligi-etilmaganligi masalalari boʻyicha majburiydir. Hal qiluv qarorida, hukmga havola qilinishidan tashqari, taraflar tomonidan taqdim etilgan va sud tomonidan toʻplangan hamda daʼvo mazmuni boʻyicha xulosaga kelishda sud asoslangan dalillar koʻrsatilishi lozim. Yetkazilgan zarar miqdoriga doir holatlar umumiy asoslarda isbotlanishi lozim. Notarius tomonidan notarial harakat amalga oshirilgan paytda tasdiqlangan holatlar ham, agar notarial tartibda tasdiqlangan hujjatning haqiqiyligi FPK 235 va 236-moddalarida belgilangan tartibda rad etilmagan yoki notarial harakatni amalga oshirish tartibi jiddiy tarzda buzilganligi aniqlanmagan boʻlsa, isbotlashni talab etmaydi (FPK 75-moddasining beshinchi qismi ).