Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan sudga taqdim etilgan, ish uchun ahamiyatga ega boʻlgan maʼlumotlarni oʻzida saqlagan audio- yoki videoyozuvlar, elektron pochta yoki boshqa axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilgan yozishmalar sud tomonidan boshqa dalillar majmuida baholanishi lozim. Audio- yoki videoyozuvni taqdim etgan yoki uni talab qilib olish toʻgʻrisida iltimosnoma bergan shaxs, yozuv qachon, kim tomonidan va qanday sharoitlarda (holatlarda) amalga oshirilganligini koʻrsatishi shart, mazkur yozuvni amalga oshirgan shaxs esa, zarurat vujudga kelganda, sud majlisida soʻroq qilinishi mumkin. Kuzatuv kameralari videoyozuvlari, bunday yozuvlar amaldagi qonun hujjatlarini buzmagan holda amalga oshirilgandagina, maqbul dalillar hisoblanadi. Ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan hujjatning yoki taqdim etilgan audio-videoyozuvning qalbaki ekanligi toʻgʻrisida arz qilingan taqdirda, sud mazkur arizani tekshirish uchun tegishli ekspertiza tayinlashi yoki boshqa dalillar talab qilishi mumkin.