Qonunga koʻra, bunday toifadagi ishlar prokuror hamda vasiylik va homiylik organi vakilining ishtirokida koʻrilishini inobatga olib, ular sud majlisiga kelmagan taqdirda, ish muhokamasi keyinga qoldiriladi va bu haqda ularga xabar beriladi. Shu bilan birgalikda sud, ularning sud majlisiga uzrsiz sabablar bilan kelmaganligi holati yuzasidan xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan munosabat bildiradi (FPKning 220 va 313-moddalari ). Muomala layoqati cheklanishi yoki muomalaga layoqatsiz deb topilishi soʻralayotgan fuqaro mazkur ish boʻyicha manfaatdor shaxs hisoblanishi sababli muomala layoqati cheklanishi masalasi koʻrib chiqilayotgan fuqaroning ishda ishtirok etishi majburiy boʻlib, u uzrsiz sabablarga koʻra sud majlisiga kelmagan yoxud kelmaganligi sabablarini maʼlum qilmagan taqdirda, FPKning 144 va 186-moddalari qoidalari qoʻllaniladi. Ushbu qoida muomalaga layoqatsiz deb topilishi masalasi koʻrib chiqilayotgan shaxsning sogʻligʻi holati imkon bergan hamda sud uni ishda ishtirok etishi lozim deb topgan hollarda ham qoʻllanilishi mumkin. Sud uning sud majlisidagi ishtirokini videokonferensaloqa orqali yoki sayyor sud majlisi oʻtkazish yoʻli bilan ham taʼminlashi mumkin.