Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida 8-band. Fuqaroning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning…

Fuqaroning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini hamda boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni suiisteʼmol qilishi fakti ish boʻyicha toʻplangan dalillar bilan tasdiqlanishi lozim (FPKning 8-bobi ). Bunday dalillarga: tibbiy muassasalarning maʼlumotnomalari; sud-narkologik ekspertizasi xulosasi; sud qarorlari yoki huquqni muhofaza qilish organlarining hujjatlari (masalan, ichki ishlar organining jamoat tartibini buzish, oilada mojaroli vaziyatlar keltirib chiqarish haqidagi hujjatlari); yashash yoki ish joyidan berilgan tavsifnomalar; shaxsning spirtli ichimliklar, giyohvandlik va psixotrop moddalar yoki ularning analoglariga qaramlik holatini tasdiqlovchi boshqa dalillar kiradi. Fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish uchun uning giyohvandlik (narkomaniya), zaharvandlik (toksikomaniya), ichkilikbozlik tufayli hisobda turishi shart emas.