Sudlar tomonidan fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni koʻrish amaliyoti toʻgʻrisida 9-band. Fuqaroning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning…

Fuqaroning spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini, shuningdek, boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni suiisteʼmol qilishi oqibatida uning oilasi ogʻir moddiy ahvolga tushganligi faktini aniqlashda sud quyidagilarga eʼtibor berishi lozim: oila aʼzolarini taʼminlash majburiyatini bajarmaganligi (voyaga yetmagan bolalarga aliment toʻlamaslik, nogiron yoki yordamga muhtoj oila aʼzolarini taʼminlamaslik va h.k.); spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop va qaramlikni keltirib chiqaradigan boshqa kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni sotib olish uchun oʻzining yoki oila aʼzolarining mablagʻlarini sarflashi; oila budjetiga zarar yetkazganligi (oila aʼzolarining erkiga zid va oila manfaatiga mos boʻlmagan holda oila mol-mulkini sotish yoki yoʻq qilish, qarz olib oilani qarzdor qilish va shu kabi holatlar). Agar sud, fuqaroning oila xarajatlarida ishtirok etmasligi spirtli ichimliklar, narkotik vositalar yoki psixotrop moddalarni suiisteʼmol qilish emas, balki kasallik, ishga joylasha olmaslik kabi obyektiv sabablarga bogʻliq ekanligini aniqlasa, u holda bunday fuqaroni muomala layoqati cheklangan deb topish mumkin emas.