JK 57¹-moddasiga muvofiq, aybdor oʻz qilmishiga amalda pushaymon boʻlgan va jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjud boʻlmagan taqdirda, jazo muddati yoki miqdori JK Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng koʻp jazoning uchdan ikki qismidan ortiq boʻlishi mumkin emas, javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (JK 97-moddasi ikkinchi qismi ) va terrorizm (JK 155-moddasi uchinchi qismi ) jinoyatini sodir etgan shaxslar bundan mustasno. JK 57²-moddasiga muvofiq, aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzilgan jinoyatlar boʻyicha tayinlanadigan jazoning muddati yoki miqdori JK Maxsus qismining tegishli moddasida (moddasi qismida) nazarda tutilgan eng koʻp asosiy va qoʻshimcha jazoning yarmidan oshmasligi kerak. Aybga iqrorlik toʻgʻrisidagi kelishuv tuzilgan jinoyat ishlari boʻyicha shaxsga nisbatan jazo tayinlashda, agar tayinlanayotgan jazo JKning 57²-moddasi talabiga koʻra, modda sanksiyasida koʻrsatilgan eng kam jazo miqdori yoki muddatidan kamroq boʻlishi lozim boʻlsa (masalan, JK 168-moddasining 4-qismi sanksiyasida sakkiz yildan oʻn yilga qadar ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan) JKning 57²-moddasini qoʻllagan holda jazo tayinlanib, ayni vaqtda JKning 57-moddasini qoʻllash talab qilinmaydi. Jinoyat kodeksi 58-moddasiga muvofiq, jinoyatga tayyorgarlik koʻrganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun mazkur jinoyat uchun qonunda nazarda tutilgan eng koʻp jazoning toʻrtdan uch qismidan ortiq boʻlishi mumkin emas. Eng koʻp jazo deganda, Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida (moddaning qismida) nazarda tutilgan har qanday jazo turining eng yuqori muddati yoki miqdori tushunilishi lozim. Shuni nazarda tutish lozimki, ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyat ishlari boʻyicha sud ishdagi muayyan holatlarni, har bir ishtirokchining shaxsi haqidagi maʼlumotlar va jinoyatni sodir etishdagi ishtiroki darajasini eʼtiborga olib, jazoni individuallashtirishi hamda birinchi marta jinoyat sodir etgan sh