Qonun mazmuniga koʻra, (JK 46-moddasining toʻrtinchi qismi ) tayinlangan jazo muddatining jami boʻlib oʻttiz kundan koʻprogʻini oʻtashdan uzrli sabablarsiz boʻyin tovlangan yoki Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketilgan taqdirda, sud axloq tuzatish ishining oʻtalmagan muddatini shu muddatga ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga almashtirishi mumkin. Bunda Jinoyat kodeksining aybdor sudlangan moddasi sanksiyasi axloq tuzatish ishlariga almashtirilishi natijasida kelib chiqqan muddatdan kam ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini koʻzda tutishining yoki umuman ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosini koʻzda tutmasligining ahamiyati yoʻq (ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlanishi mumkin boʻlmagan shaxslar bundan mustasno). Tayinlangan jazo muddatining jami boʻlib oʻttiz kundan koʻprogʻini oʻtashdan uzrli sabablarsiz boʻyin tovlash deganda, ketma-ketligidan qatʼiy nazar jami oʻttiz kundan ortiq jazoni oʻtashdan boʻyin tovlash yoxud ushbu muddatda jazo ijrosini amalga oshiruvchi organ tomonidan jazoni oʻtash uchun yuborilgan korxona, muassasa, tashkilotga bormaslik tushuniladi. Voyaga yetmagan shaxs tayinlangan axloq tuzatish ishlari muddatining oʻndan bir qismidan koʻprogʻini oʻtashdan boʻyin tovlasa, sud ushbu jazoning oʻtalmagan qismini axloq tuzatish ishlarining har uch kunini ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirgan holda hisoblab, ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo bilan almashtiradi (JK 83-moddasining ikkinchi qismi ).