Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida 27-band. Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo

Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo: bir oydan yigirma yilgacha boʻlgan muddatga, JK 60-moddasida nazarda tutilgan tartibda esa, — yigirma besh yilgacha boʻlgan muddatga; voyaga yetmaganlarga nisbatan — olti oydan oʻn yilgacha boʻlgan muddatga, JK 86-moddasida nazarda tutilgan tartibda esa, — oʻn besh yilgacha boʻlgan muddatga; jarima tariqasidagi jazoni almashtirish tartibida (JK 44-moddasi uchinchi qismi ) — hukm chiqarish paytida amalda boʻlgan bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqqan holda, uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga; JK 45¹-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan hollarda majburiy jamoat ishlari tariqasidagi jazoni almashtirish tartibida, — bir oydan kamroq muddatga tayinlanishi mumkin; JK 46-moddasining toʻrtinchi qismida nazarda tutilgan hollarda axloq tuzatish ishlari tariqasidagi jazoni almashtirish tartibida, — bir oydan kamroq muddatga tayinlanishi mumkin. Uzoq muddatli (yigirma yildan ortiq, lekin yigirma besh yildan koʻp boʻlmagan muddatga) ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo faqat ikki turdagi jinoyat — javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirish (JK 97-moddaning ikkinchi qismi ) va terrorizm (JK 155-moddaning uchinchi qismi ) uchun tayinlanishi mumkin. Bunda qonun uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi ayollarga, oʻn sakkiz yoshga toʻlmasdan jinoyat sodir etgan shaxslarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga nisbatan tayinlanishini istisno etadi.