Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida 31-band. Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JK 72-moddasining birinchi qismiga muvofiq…

Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, JK 72-moddasining birinchi qismiga muvofiq shartli hukm faqat axloq tuzatish ishlari, xizmat boʻyicha cheklash, intizomiy qismga joʻnatish yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazolar tayinlangan holda qoʻllanilishi mumkin. Agar sud bir yoki bir necha jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qoʻllash lozimligi haqida xulosaga kelsa, bunday qaror har bir jinoyat uchun alohida emas, balki jinoyatlar majmui boʻyicha uzil-kesil jazo tayinlash paytida qabul qilinadi. Shartli hukm faqat JK 72-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan bir yoki bir necha jazo turi tayinlangan shaxslarga nisbatan qoʻllanilishi mumkin. Agar tayinlangan jazo turidan biri qonunning ushbu normasida koʻrsatilmagan boʻlsa, sud JK 72-moddasi birinchi qismida qayd etilgan jinoyatlarga nisbatan shartli hukm qoʻllab, boshqa turdagi jazoni (masalan, muayyan huquqdan mahrum qilish, jarima) real ijro etish toʻgʻrisida qaror qiladi.