Jinoyat kodeksining 43-moddasiga muvofiq, mahkumlarga nisbatan muayyan huquqdan mahrum qilish hamda harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish kabi qoʻshimcha jazolar qoʻllanilishi mumkin. Muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo shaxs aybdor deb topilgan Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida tayinlanadi. Agar muayyan huquqdan mahrum qilish tariqasidagi jazo Jinoyat kodeksi Maxsus qismi moddasi sanksiyasida nazarda tutilmagan boʻlsa, u JK 45-moddasida belgilangan asoslar va doirada, qabul qilingan qaror hukmda asoslantirilgan holda qoʻllanilishi mumkin. Harbiy yoki maxsus unvondan mahrum qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo JK 52-moddasida koʻrsatilgan hollardagina qoʻllanilishi mumkin.