Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida 46-band. Bir necha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan qoʻshimcha jazo…

Bir necha jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxsga nisbatan qoʻshimcha jazo turi va miqdori asosiy jazo singari har bir harakat uchun alohida, soʻngra esa jinoyatlar majmui boʻyicha uzil-kesil tayinlanishi lozim. Agar qoʻshimcha jazo jinoyatlar majmuiga kiruvchi birorta ham jinoyat uchun tayinlanmagan boʻlsa, u jinoyatlar majmui boʻyicha qoʻllanilishi mumkin emas. Agar jinoyatlar majmuiga kiruvchi ikki va undan koʻp jinoyat uchun aynan bir turdagi qoʻshimcha jazo tayinlangan boʻlsa, uning uzil-kesil miqdori koʻproq qoʻshimcha jazo muddatini koʻzda tutuvchi modda sanksiyasi doirasida ularni toʻla yoki qisman qoʻshish orqali, jinoyat qonuni moddasida muddat belgilanmagan yoki qoʻshimcha jazo JK 45-moddasi asosida qoʻllanilgan boʻlsa, ushbu jazo turi uchun belgilangan maksimal muddat doirasida belgilanadi.