Sud birinchi hukm boʻyicha shartli tayinlangan jazoni oxirgi hukm boʻyicha tayinlangan jazoga qoʻshishda, shaxs ehtiyot chorasi yoki ushlab turish sifatida qamoqda boʻlgan vaqtni hukmlar majmui boʻyicha tayinlangan uzil-kesil jazoga qoʻshib hisoblashi kerak. Agar yangi jinoyat shaxs tomonidan birinchi hukm boʻyicha tayinlagan jazo JK 74-moddasiga asosan yoki afv etish, yoxud amnistiya akti asosida yengilrogʻi bilan almashtirilganidan soʻng sodir etilgan boʻlsa, ikkinchi hukm boʻyicha tayinlangan jazoga almashtirilgan yengilroq jazoning oʻtalmagan qismi qoʻshiladi. Jazoni oʻtayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilganda, jazoning oʻtalmagan qismi sifatida yangi jinoyat uchun u ushlangandan yoki qamoqda saqlab turish sifatida ehtiyot chorasi tanlanganidan soʻng qolgan muddatni hisoblash lozim. Agar bunday ehtiyot chorasi tanlanmagan yoki boshqa turdagi ehtiyot chorasi tanlangan boʻlsa, jazoning oʻtalmagan qismi muddati oxirgi hukm chiqarilgan vaqtdan boshlab hisoblanadi.