Agar ish boʻyicha mahkum boshqa jinoyatlarda ham aybdor ekanligi aniqlanib, ulardan ayrimlari birinchi hukm chiqarilgunga, boshqalari esa, hukm chiqarilgandan soʻng sodir etilgan boʻlsa, ikkinchi hukm boʻyicha jazo avval birinchi hukm chiqarilgunga qadar sodir etilgan jinoyatlar majmui boʻyicha, keyin JK 59-moddasi sakkizinchi qismi qoidasiga koʻra, soʻngra birinchi hukm chiqarilganidan keyin sodir etilgan jinoyatlar majmui boʻyicha va oxirida bir necha hukm yuzasidan (JK 60-moddasi ) uzil-kesil tayinlanadi. Bunda, sudlarning eʼtibori shaxs boshqa-boshqa jinoyatlarda emas, balki JKning aynan bir moddasi turli qismlarida (masalan, JK 168-moddasining turli qismlarida) nazarda tutilgan oʻxshash qilmishni sodir etganlikda aybli deb topilib, ulardan ayrimlari birinchi hukm chiqarilgunga, boshqalari esa, hukm chiqarilgandan soʻng sodir etilgan hollarda, jazoni JKning 33-moddasi ikkinchi qismi talabidan kelib chiqib, shu moddaning ogʻirroq jazo belgilangan qismi boʻyicha tayinlab, soʻngra JKning 60-moddasi tartibida tayinlashning oʻzi yetarli boʻlib, JK 59-moddasining 8-qismi qoidalarini qoʻllash talab etilmasligiga qaratilsin. Shaxs davomli yoki uzoqqa choʻzilgan, yaʼni birinchi ish boʻyicha hukm chiqarilguncha qadar boshlanib, hukm chiqarilgandan soʻng ham davom etgan jinoyat uchun sudlanayotgan boʻlsa, sud ikkinchi hukm boʻyicha jazo tayinlashda JK 60-moddasini qoʻllashi lozim. JK 59-moddasining 8-qismiga muvofiq, jinoyatlar majmui bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining oʻtash muddatining boshlanishi birinchi hukmga koʻra qamoqqa olingan kundan, JK 60-moddasi qoidalariga muvofiq bir necha hukm yuzasidan tayinlangan uzil-kesil jazo muddati esa oxirgi hukm boʻyicha qamoqqa olingan kundan boshlab hisoblanadi.