Mehnat majburiyatlari buzilganligi uchun mehnat shartnomasini bekor qilish haqidagi nizolarni koʻrishda quyidagilar: mehnat shartnomasini bekor qilishga asos boʻlgan mehnat majburiyatlarini buzganlik aynan nimadan iboratligini va u MK 161-moddasi ikkinchi qismining 4 yoki 5-bandlari boʻyicha mehnat shartnomalarini bekor qilish uchun asos boʻla olishi mumkin yoki mumkin emasligi; ish beruvchi tomonidan intizomiy jazo qoʻllash uchun belgilangan muddatlar va tartibga rioya qilingan-qilinmaganligi aniqlanishi zarur. Sud nojoʻya xatti-harakat haqiqatdan ham sodir etilgan, ammo nojoʻya xatti — harakatning ogʻirlik darajasi, xatti-harakat sodir etilgan holatlar, xodimning oldingi xulq-atvori va uning ishga boʻlgan munosabati hisobga olinmagan holda (MK 313-moddasining uchinchi qismi) mehnat shartnomasi MK 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga asosan bekor qilingan degan xulosaga kelgan taqdirda ham buyruqni gʻayriqonuniy deb topishga haqli.