Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 33-band. Sudlar har bir nojoʻya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanishi…

Sudlar har bir nojoʻya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo qoʻllanishi mumkinligini hisobga olishlari zarur. Xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasining qoʻllanishi uning shu xatti-harakati sababli ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni qoplash hamda aybdorga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan intizomiy jazo hisoblanmaydigan taʼsir choralarini (toʻlovni amalga oshirish ish beruvchining huquqi hisoblanuvchi ragʻbatlantiruvchi va kompensatsiya toʻlovlaridan mahrum etish yoki miqdorini kamaytirish va boshqa) qoʻllash imkoniyatini istisno qilmaydi. Intizomiy jazo choralarini qoʻllash ishga qabul qilish huquqiga ega shaxslar (organlar) tomonidan amalga oshirilishini inobatga olib (MKning 313-moddasi), nizoni toʻgʻri hal etishda jazo chorasi ushbu shaxslar (organlar) tomonidan qoʻllanilganligiga eʼtibor qaratish lozim. Ish beruvchi xodimdan intizomiy jazo chorasi qoʻllanilguniga qadar, shu jumladan, agar intizomiy qilmish xizmat tekshiruvi natijalariga koʻra aniqlangan boʻlsa, yozma tushuntirishni talab qilishi shart. Xodimning tushuntirish xati berishdan bosh tortishi sodir qilgan nojoʻya xatti-harakati uchun unga nisbatan jazo qoʻllanishiga toʻsiq boʻla olmaydi. Bunda, sudlar ish beruvchi tomonidan talab qilinishiga qaramay, xodim tushuntirish xati berishdan bosh tortish holati haqiqatdan ham boʻlgan-boʻlmaganligini aniqlashlari kerak. Sudlarning eʼtibori MK 313-moddasining oltinchi va yettinchi qismlariga koʻra, oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash haqidagi buyruq bilan tanishtirilmagan xodim intizomiy jazosi boʻlmagan deb hisoblanishiga qaratilsin. Xodim oʻziga nisbatan intizomiy jazo chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi buyruq bilan tanishishni rad etganda, ushbu holat hozir boʻlgan guvohlar ishtirokida dalolatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim. Bunday holda xodim buyruq bilan tanishtirilgan deb hisoblanadi.