Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 37-band. Sudlarning eʼtibori tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalarida oʻz mehnat…

Sudlarning eʼtibori tashkilotning ichki mehnat tartibi qoidalarida oʻz mehnat majburiyatlarini bir marta qoʻpol ravishda buzgani uchun har qanday xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos boʻluvchi xatti-harakatlar (uzrsiz sabablarga koʻra ishga chiqmaslik-progul, ish kuni mobaynida bekorchilik qilish, alkogol, narkotik yoki toksik moddadan mast holda ish joyida boʻlish va ishga kelish, ish beruvchining mulkini oʻgʻirlash va boshqa) bilan bir qatorda faqatgina baʼzi toifadagi xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos boʻluvchi bir marta sodir etilgan nojoʻya xatti-harakatlar ham (tijorat sirining oshkor qilinishi, bevosita pul va tovar qimmatliklari bilan muomala qiluvchi xodim tomonidan bu qimmatliklarning saqlanishi taʼminlanmagani, ularning saqlanishiga xavf tugʻdirishi yoki bu qimmatliklar boʻyicha muomala qilish qoidalarining buzilishi, tarbiyaviy ishlarni bajarishi lozim boʻlgan shaxs tomonidan axloqan nojoʻya xatti-harakat sodir etilishi va boshqa) koʻrsatilgan boʻlishi mumkinligiga qaratilsin. Binobarin, tijorat sirini oshkor qilish munosabati bilan mehnat shartnomasi faqat tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar mansab vazifasiga asosan ishonib topshirilgan xodim bilan va faqatgina ushbu maʼlumotlarning oshkor boʻlishida aynan shu xodimning haqiqatda aybdorligini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud boʻlsa, MK 161-moddasi ikkinchi qismining 5-bandiga asosan bekor qilinishi mumkin. Pul va tovar qimmatliklari saqlanishini taʼminlamaganlik, ularning saqlanishiga xavf tugʻdiruvchi holatni yuzaga keltirganlik yoki bu qimmatliklar boʻyicha muomala qilish qoidalarini buzganlik uchun mehnat shartnomasi ushbu asoslarda faqat toʻliq moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgan xodim (qabul qiluvchi, saqlovchi, tashuvchi, tarqatuvchi va boshqalar) bilangina bekor qilinishi mumkindir.