Sudlar tomonidan mehnat shartnomasini bekor qilishni tartibga soluvchi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 64-band. Xodim bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof asosda bekor qilingan yoki oʻrnatilgan…

Xodim bilan mehnat shartnomasi qonunga xilof asosda bekor qilingan yoki oʻrnatilgan tartib buzilishiga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, ammo tashkilot (alohida boʻlinmasi)ning tugatilishi oqibatida xodimni ishga tiklash imkoniyati boʻlmagan holatda, sud mehnat shartnomasining bekor qilinishini gʻayriqonuniy deb topib, tugatish komissiyasi yoki tashkilotni tugatish haqida qaror qilgan organga, zarur hollarda esa huquqni qabul qiluvchiga majburiy progul vaqti uchun MKning 546-moddasida belgilangan miqdorda ish haqi toʻlash majburiyatini yuklaydi. Shu bilan birga sud xodim bilan mehnat shartnomasini MK 161-moddasi ikkinchi qismining 1-bandi boʻyicha tashkilotning tugatilishi tufayli bekor qilingan deb topadi. Bunday xodim mehnat shartnomasi tashkilotning tugatilishi munosabati bilan beriladigan qoʻshimcha moddiy yordam berish kafolatidan foydalanadi (MKning 100-moddasi). Tashkilotning alohida boʻlinmasi tugatilganligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilingan hollarda barcha majburiyatlar tashkilot zimmasida boʻladi.