Sudlarning eʼtibori shunga qaratilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 76-moddasida oila jamiyatning asosiy boʻgʻini hamda u jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, nikoh Oʻzbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi, davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi kafolatlanganligi bois nikoh-oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishda sudlar zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Sudlar oila toʻgʻrisidagi qonunchilik vazifalaridan kelib chiqib, qonunda nazarda tutilgan hamda oilani mustahkamlash, er-xotin va ularning bolalari huquqlari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan barcha choralarni koʻrishlari lozim; Nikohdan ajratish haqidagi daʼvo arizalar sudga kelib tushganda sudya har bir daʼvo ariza boʻyicha taraflar bilan mediatsiya koʻrinishidagi suhbat oʻtkazishi kerakligiga sudyalarning eʼtibori qaratilsin. Bunda sudya muayyan ishning holatlarini muhokama qilmasdan, nikohdan ajratishning salbiy oqibatlarini, jumladan, farzandlarning tarbiyasiga taʼsirini, moddiy va huquqiy holatlarni tushuntirishi, er va xotinni yarashtirish choralarini koʻrishi lozim.