Sudlarga tushuntirilsinki, Oila kodeksi 1-moddasining ikkinchi qismi talabiga muvofiq nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ishni koʻrishda sud oilani saqlab qolish yuzasidan choralar koʻrishi lozim. Shu maqsadda, sud majlisida oilani saqlab qolish mumkinligini tasdiqlovchi holatlar (bolalar borligi, nikohning davomiyligi, oiladagi munosabatlarning xususiyatlari, vaqtinchalik kelishmovchilik va boshqalar) aniqlanganda, sud har ikkala tarafning yoki ulardan birining iltimosiga binoan yoxud oʻz tashabbusi bilan nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi ish koʻrilishini keyinga qoldirishga va Oila kodeksi 40-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq er-xotinga yarashish uchun olti oygacha muhlat tayinlashga haqli. Bunda shuni eʼtiborga olish lozimki, Oila kodeksining 218-moddasi talablarini inobatga olgan holda yarashish uchun beriladigan muhlat uch oydan kam boʻlishi samarasiz hisoblanadi. Er-xotinni yarashtirish maqsadida olti oylik muhlat ichida ishning koʻrilishi bir necha marta keyinga qoldirilishi mumkin. Ishning koʻrilishi koʻrsatilgan asos boʻyicha keyinga qoldirilganda, sud Oila kodeksining 112-moddasi va FPK 187-moddasiga muvofiq bolalar taʼminoti uchun aliment undirish masalasini muhokama qilishga haqli. Tushuntirilsinki, Oila kodeksi 40-moddasining uchinchi qismiga asosan er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlangan taqdirda, sud uch kundan kechiktirmasdan er-xotinning birgalikdagi yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan boʻlsa, ularning har birining yashash joyidagi fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasini yozma ravishda (taraflarning familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili, telefon raqamlari koʻrsatilgan tegishli xat bilan) xabardor qilishi lozim. Ayni vaqtda, er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlash haqidagi ajrimning koʻchirma nusxasi sud tomonidan tegishli fuqarolar yigʻinining yarashtirish komissiyasiga yuborilishi lozim. Er-xotinga yarashish uchun muhlat berilishi munosabati bilan ishning koʻrilishini