Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 19-band. Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan bir vaqtda er-xotin oʻrtasidagi umumiy mulkni…

Nikohdan ajratish toʻgʻrisidagi daʼvo bilan bir vaqtda er-xotin oʻrtasidagi umumiy mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi nizoni koʻrishda, sudlar bunday nizo uchinchi shaxslar huquqlariga daxl qilish-qilmasligini aniqlashlari lozim. Agar nizo uchinchi shaxslar huquqlariga daxl qilsa (masalan, mol-mulk dehqon (fermer) xoʻjaligi mulki boʻlib, uning tarkibida er-xotin va ularning voyaga yetmagan bolalaridan tashqari boshqa aʼzolar ham boʻlsa) sud taraflarga ularning umumiy tartibda alohida daʼvo taqdim etish huquqlarini tushuntirishi lozim, chunki qonun (OK 44-moddasi uchinchi qismi ) bunday hollarda nikohdan ajratish va mol-mulkni boʻlish toʻgʻrisidagi talablarni bitta ish yurituvda hal etishga yoʻl qoʻymaydi. Bu qoida xoʻjalik shirkatlari va jamiyatlari (AJ, MCHJ va h.k.) ustav fondi omonatlariga, shuningdek ishlab chiqarish va matlubot kooperativlari paylariga nisbatan huquq toʻgʻrisidagi nizolarni hal etishga ham tatbiq etiladi. Bunday shirkatlar va jamiyatlar mulkini boʻlish masalalari fuqarolik qonunchiligi normalari bilan tartibga solinadi. Oila kodeksi 44-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan qoida er-xotin tomonidan banklar yoki boshqa kredit-moliya tashkilotlariga qoʻyilgan omonatlarni boʻlish hollariga (pul mablagʻlari er-xotindan qaysi birining nomiga qoʻyilganligidan qatʼi nazar) tatbiq etilmaydi, chunki bunday omonatlarni boʻlishda banklar yoki boshqa kredit tashkilotlari huquqlariga daxl etilmaydi. Agar er yoki xotinga uchinchi shaxslar pul mablagʻlari bergan va uni er yoki xotin oʻz nomiga bank yoki boshqa kredit-moliya tashkilotiga qoʻygan boʻlsa, FK normalariga muvofiq uchinchi shaxslar pul summasini qaytarish toʻgʻrisida (omonatni boʻlish toʻgʻrisida emas) daʼvo qoʻzgʻatishga haqli boʻlib, u alohida ish yurituvda hal etilishi lozim. Dehqon (fermer) xoʻjaligi aʼzolarining va boshqa shaxslarning dehqon (fermer) xoʻjaligi aʼzosi boʻlgan er yoki xotinga nisbatan talablari ham shu tartibda hal etilishi mumkin.