Sudlar tomonidan nikohdan ajratishga oid ishlar boʻyicha qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisida 29-band. Nikohdan ajratish yoki nikohdan ajratishni rad qilish haqidagi hal qiluv qarori qonuniy…

Nikohdan ajratish yoki nikohdan ajratishni rad qilish haqidagi hal qiluv qarori qonuniy va sud majlisida har tomonlama tekshirilgan dalillarga asoslangan boʻlishi lozim. Hal qiluv qarorining asoslantirish qismida sud tomonidan aniqlangan er-xotin oʻrtasidagi kelishmovchilik sabablari, sudning oilani saqlab qolish imkoniyati borligi yoki uning uzil-kesil barham topganligi toʻgʻrisidagi xulosasiga asos boʻlgan dalillar, sud tomonidan u yoki bu dalillarni rad etish uchun asos boʻlgan vajlar, shuningdek sud qoʻllangan moddiy va protsessual huquq normalari koʻrsatiladi. Nikohdan ajratish haqidagi daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarorining xulosa qismi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim: taraflarning barcha talablari boʻyicha, shu jumladan nikohdan ajratish haqidagi daʼvo bilan birgalikda koʻrish uchun birlashtirilgan talablari boʻyicha ham sud xulosalarini; fuqarolik holatlarini qayd etish daftarida nikohdan ajratishni roʻyxatdan oʻtkazish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar (nikoh qayd qilingan sana, dalolatnoma yozuvining raqami, nikohni qayd qilgan organning nomi); nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaga muvofiq er-xotinning familiyalari (nikohga kirish vaqtida familiya oʻzgartirilgan boʻlsa, nikohgacha boʻlgan familiya ham); er-xotinning har biridan undirilishi lozim boʻlgan davlat boji miqdori haqida koʻrsatma (davlat boji miqdorini belgilashda sud ulardan har birining moddiy ahvolini, oilaning buzilishida aybi darajasini va boshqa holatlarni, jumladan voyaga yetmagan bolalar er-xotindan qaysi biri bilan yashash uchun qolayotganligini hisobga oladi); mol-mulk qiymati ― er-xotindan biriga mol-mulk asl holida berilganda.