Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti haqida 20-band. Shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisidagi daʼvoni koʻrishda…

Shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsini himoya qilish toʻgʻrisidagi daʼvoni koʻrishda, sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, obroʻsizlantiruvchi maʼlumotlar qonunda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositasi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan axborot resursida Internet tarmogʻida joylashtirilgan boʻlsa, ommaviy axborot vositalariga taalluqli boʻlgan qonunchilik hujjatlari qoʻllanilishi zarur. Sudlar ushbu toifadagi ishlarni koʻrishda quyidagi holatlarni har tomonlama aniqlashi kerak: raddiya berilishi daʼvo qilinayotgan maʼlumotning tarqatilgan-tarqatilmaganligi; bu maʼlumotlar yuridik yoki jismoniy shaxsning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsiga putur yetkazgan-yetkazmaganligi; bu maʼlumotlarning haqiqatga toʻgʻri kelish-kelmasligi.