Tushuntirilsinki, daʼvogar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talab bilan birga javobgarning gʻayriqonuniy harakatlari tufayli yetkazilgan moddiy zararni yoki maʼnaviy ziyonni qoplash haqida ham talab qoʻyilgan boʻlsa, sud bu talabni FKning 985 va 1021-moddalariga muvofiq hal etadi. Moddiy zararni qoplashga faqat tegishli huquq buzilganligi aniqlangan va ushbu harakat gʻayriqonuniy deb topilgan, daʼvogarga moddiy zarar yetkazilgan yoki u olishi mumkin boʻlgan foydani olmay qolganligi javobgarning harakatlari bilan yuzaga kelgan oqibatlar oʻrtasida sababiy bogʻliqligi isbotlangan taqdirdagina yoʻl qoʻyiladi.