Shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan quyidagilar murojaat qilish huquqiga ega: shaxsiy nomulkiy huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa nomoddiy neʼmatlari buzilgan shaxs; voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning qonuniy vakili; vafot etgan shaxsning shaʼni, ismi, tasviriga boʻlgan huquqini, shuningdek, boshqa nomoddiy boyliklarini himoya qilish haqidagi ishlar boʻyicha uning merosxoʻrlari (FK 1113-moddasining ikkinchi qismiga koʻra, meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kirmasligi bois, moddiy zarar va maʼnaviy ziyonni undirish haqidagi daʼvo talablar bundan mustasno); prokuror; davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va ayrim fuqarolar qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarning manfaatida.