Shaxsning shaxsiy nomulkiy huquqlaridan birining buzilishi ularni himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga asos boʻladi. Sud orqali himoya qilishning shakli va usuli buzilgan huquqning xususiyati, aralashuv usuli, shuningdek ishni koʻrishda aniqlangan holatlarni hisobga olgan holda belgilanadi va quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin: buzilgan huquqni tan olish; aralashuvning qonunga xilofligini tan olish; huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash; huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tugʻdiradigan harakatlarni, jumladan shaxsning roziligisiz axborot, tasvirlar, shaxsga doir maʼlumotlar va boshqa maʼlumotlardan foydalanish, ularni yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, berish, tarqatish, uzatishni taqiqlash, shuningdek egasizlantirish va yoʻq qilish; aralashuvni toʻxtatishga majbur qilish; raddiya berish majburiyatini yuklash; huquqni buzuvchi axborotlarni oʻchirish, yoʻq qilish yoki bloklash, axborotning notoʻgʻri ekanligini eʼlon qilish majburiyatini yuklash; moddiy zarar va maʼnaviy ziyon uchun tovon undirish; qonunchilikda nazarda tutilgan buzilgan huquqni tiklashni taʼminlovchi boshqa choralar.