Sudlar tomonidan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy neʼmatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash amaliyoti haqida 5-band. Shaxsiy nomulkiy huquqlariga tajovuz qilingan yoki oʻzi haqida haqiqatga toʻgʻri…

Shaxsiy nomulkiy huquqlariga tajovuz qilingan yoki oʻzi haqida haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan, obroʻsizlantiruvchi maʼlumotlar tarqatilgan shaxs bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxsni Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining (bundan buyon matnda JK deb yuritiladi) 126¹ (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik), 139 (tuhmat), 140 (haqorat qilish), 141 (fuqarolarning teng huquqliligini buzish), 141¹ (shaxsiy hayot daxlsizligini buzish), 141² (shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish), 141³ (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish), 143 (xat-yozishmalar, telefonda soʻzlashuv, telegraf xabarlari yoki boshqa xabarlarning sir saqlanishi tartibini buzish)-moddalariga koʻra jinoiy, yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 40 (tuhmat), 41 (haqorat qilish), 59² (oilaviy (maishiy) zoʻravonlik), 202² (yolgʻon axborot tarqatish)-moddalariga koʻra maʼmuriy javobgarlikka tortish haqida tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga haqli. Sudlarga tushuntirilsinki, jinoyat ishini qoʻzgʻatish rad etilganligi, jinoyat ishi tugatilganligi yoxud oqlov hukmi chiqarilganligi, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida ishni qoʻzgʻatish rad etilganligi yoki qoʻzgʻatilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish tugatilganligi shaxsiy nomulkiy huquqlarni fuqarolik tartibida himoya qilish toʻgʻrisida daʼvo qoʻzgʻatish huquqini istisno etmaydi. Shaxsning bunday ariza bilan murojaat qilmaganligi yoxud javobgarning harakatlarida jinoyat tarkibi yoki maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari aniqlangan-aniqlanmaganligidan qatʼi nazar, sudlar FKning 99 , 100-moddalari bilan qoʻriqlanadigan shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish maqsadida, aniqlangan ish holatlaridan kelib chiqib, qaror qabul qilishi lozim.