Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-moddasiga koʻra, tadbirkorlik faoliyati (tadbirkorlik) — tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, oʻz tavakkalchiligi va oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir. Tadbirkorlik faoliyati subyektlariga belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar (yakka tartibdagi tadbirkor) kiradi (“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi ). Yakka tartibdagi tadbirkorlik deganda, qonunga koʻra, jismoniy shaxs tomonidan mustaqil ravishda, yuridik shaxs tashkil etmagan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tushuniladi.