Qonunga xilof ravishdagi tadbirkorlik faoliyati, odatda, tadbirkorlik faoliyatini quyidagi koʻrinishlarda amalga oshirishda ifodalanishi mumkin: roʻyxatdan oʻtmasdan; litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olmagan, vakolatli organni xabardor qilmagan holda; ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni soxta hujjatlardan foydalanib olgan holda; faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun belgilangan talab va shartlar bajarilganligi toʻgʻrisida vakolatli organga yolgʻon yoki ishonchsiz maʼlumot taqdim etgan holda; litsenziya shartlarini buzgan holda. Roʻyxatdan oʻtmasdan qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritish deganda, yuridik shaxslar davlat reyestrida va yakka tadbirkorlar davlat reyestrida bunday yuridik shaxs tuzilganligi yoki jismoniy shaxs tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor maqomi olinganligi haqida yozuv mavjud boʻlmagan yoxud yuridik shaxs yoki jismoniy shaxsning yakka tartibdagi tadbirkor sifatidagi faoliyati tugatilganligi haqida yozuv mavjud boʻlgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tushuniladi. Litsenziyalash shartlarini buzgan holda qonunga xilof ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritish deganda, jumladan, ishlab chiqarilayotgan va realizatsiya qilinayotgan mahsulotga qoʻyiladigan talablarga rioya etmaslik (masalan, mahsulotning yaroqlilik muddati va ishlab chiqarilgan sanasini koʻrsatish majburiyligi toʻgʻrisidagi shartlar), litsenziyalanayotgan faoliyat turini amalga oshirishga nisbatan qoʻyilgan texnik talablarga rioya qilmaslik (masalan, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan sanitariya-gigiyena sharoitlarining mavjud emasligi), faoliyatni litsenziyada koʻrsatilgan hududdan tashqarida amalga oshirish tushuniladi. Sudlar “litsenziya”, “ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat”, “vakolatli organni xabardor qilish” tushunchalarini aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyuldagi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuniga amal qilishla