“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (keyingi matnlarda — Qonun) 13-moddasiga koʻra tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli davlat organi tomonidan “bir darcha” prinsipi boʻyicha va qoida tariqasida, xabardor qilish asosida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlar ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan rad etishga yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qoʻshimcha talablarni belgilashga haqli emas. Sudlarga tushuntirilsinki, tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish muddatini buzganlik ustidan berilgan shikoyat maʼmuriy sudlarga taalluqlidir. Davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etganlik yoki roʻyxatdan oʻtkazish muddatlarini buzganlik sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, sud aybdor mansabdor shaxsning harakati (harakatsizligi)ga huquqiy baho berishi lozim.