Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 5-oktabrdagi PF-4848-sonli Farmonining 3-bandiga koʻra, yuridik shaxslarning tugatilayotganida, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi holatlari boʻyicha bergan murojaatlari asosida oʻtkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvlardan tashqari tadbirkorlik subyektlarini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilingan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2777-sonli Qarorining 2-bandi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi zimmasiga tadbirkorlik subyektlarini naqd pul mablagʻlari yoki plastik kartochkalar boʻyicha toʻlov shakliga qarab narxlarni sunʼiy ravishda oshirish yoki pasaytirish, nazorat-kassa mashinalarini, hisob-kitob terminallarini ishlatish, shuningdek oʻrnatilgan tartibda talon va cheklar berish, naqd tushumni inkassatsiya qilish (banklarga topshirish) masalalari yuzasidan, belgilangan tartibga muvofiq, birinchi navbatda savdo komplekslarida, chakana savdo va xizmatlar koʻrsatish tashkilotlarida doimiy asosda tekshiruvlarni oʻtkazib turish yuklatilgan. Sudlar inobatga olishlari kerakki, davlat soliq xizmati organlari bunday tekshirish natijasi boʻyicha aniqlangan qonun buzilishlar yuzasidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan huquqiy taʼsir choralari qoʻllash haqidagi ariza bilan sudga murojaat etishga haqli.