Uy-joy nizolari boʻyicha sud amaliyoti haqida 13-band. Sudlarga tushuntirilsinki, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal…

Sudlarga tushuntirilsinki, munitsipal, idoraviy uy-joy fondi va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar-joylar fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq ajratiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 42-moddasiga muvofiq uy-joy maydonining ijtimoiy normasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari tomonidan bir kishi hisobiga oʻn olti kvadrat metrdan kam boʻlmagan umumiy maydon hajmida, kreslo-aravalarda harakatlanayotgan nogironlar uchun esa yigirma uch kvadrat metrdan kam boʻlmagan hajmda belgilanadi. Er-xotindan tashqari turli jinsga mansub shaxslar bir xonaga yoki bir xonali kvartiraga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaslik maqsadida davlat uy-joy fondidan uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha turar-joy berilishi mumkin. Qoʻshimcha uy-joy maydoni olish huquqiga ega boʻlgan fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan ortiqcha qoʻshimcha uy-joy maydoni bir xona tarzida yoki oʻn sakkiz kvadrat metrli umumiy maydon miqdorida berilishi lozim.