Uy-joy nizolari boʻyicha sud amaliyoti haqida 2-band. Sudlar uy-joy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha daʼvo arizalarini qabul…

Sudlar uy-joy munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar boʻyicha daʼvo arizalarini qabul qilishda avvalo daʼvo talabining sudga taalluqlilik masalasini hal etishlari, daʼvo qoʻzgʻatayotgan shaxsning vakolatini tekshirishlari lozim. Xususan, sudlar quyidagi uy-joy nizolarini hal etish vakolatiga ega: xususiy va davlat uy-joy fondlariga qarashli turar-joylarni ijaraga beruvchi hamda ijaraga oluvchilar oʻrtasidagi uy-joy munosabatlari boʻyicha vujudga kelgan nizolar; uy-joy qurish yoki uy-joy kooperativi bilan fuqarolar oʻrtasidagi kelib chiqadigan nizolar; davlat uy-joy fondining turar-joyiga berilgan hujjatni (orderni) haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi nizolar; ijara shartnomasini oʻzgartirish va bekor qilish toʻgʻrisidagi nizolar; Uy-joy kodeksining 71—74 , 79 , 85-moddalarida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha turar-joydan koʻchirish bilan bogʻliq nizolar; fuqarolik huquq va majburiyatlaridan kelib chiqadigan uy-joy nizolari; yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan vujudga keladigan nizolar. Fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash, yordamchi xonalarni qayta qurish va oʻzgartirishga rozilik berish masalalarini hal qilish mahalliy davlat hokimiyati organi va ijaraga beruvchilarning vakolatiga tegishli ekanligidan kelib chiqib, bunday masalalar boʻyicha daʼvolar sudga taalluqli emasligi sudlarga tushuntirilsin. Biroq, fuqarolar mahalliy davlat hokimiyati va ijaraga beruvchilarning qayd etilgan masalalarni hal qilishi bilan bogʻliq harakatlaridan norozi boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksida belgilangan tartibda tegishli shikoyat bilan sudga murojaat qilishlari mumkin.