Uy-joy nizolari boʻyicha sud amaliyoti haqida 22-band. Sudlarga tushuntirilsinki, munitsipal va idoraviy uy-joy fondiga qarashli turar-joyni…

Sudlarga tushuntirilsinki, munitsipal va idoraviy uy-joy fondiga qarashli turar-joyni hamda yordamchi xonalarni qayta qurish, oʻzgartirish bilan bogʻliq nizolarni hal etishda bunday qurilishlarni amalga oshirish uchun ijaraga oluvchining, uning voyaga yetgan oila aʼzolarining, u bilan doimiy yashayotgan fuqarolarning, ijaraga beruvchining roziligi olinganligini aniqlash lozim. Agar, bunday qurilishlar ijaraga beruvchining ruxsatisiz oʻzboshimchalik bilan amalga oshirilganligi aniqlangan taqdirda, ijaraga oluvchi hisobidan bu qurilishlar buzib tashlanishi lozimligi sudlarga uqtirilsin. Aniq maqsadli kommunal uy-joy fondiga qarashli uylardagi turar-joylarni va yordamchi xonalarni qayta qurish hamda oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar, bunday nizo fuqarolarga shaxsiy mulk sifatida tegishli boʻlgan turar-joylarda yashovchi ijarachilar oʻrtasida kelib chiqadigan boʻlsa, bu holatda sud nafaqat mahalliy hokimiyat, balki uyga egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqiga ega boʻlgan mulkdorning ham roziligini hisobga olishi lozim.