Yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida boʻlgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi boʻyicha va taraflar kelishuviga koʻra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam boʻlmagan sahndagi, barcha qulayliklari boʻlgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻlanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek, yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati toʻliq hajmda toʻlanadi. Buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda, bu farq mulkdorga kompensatsiya qilinishi lozim, berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda esa, ushbu farq mulkdor tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi.