Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda shuni nazarda tutish lozimki, ayblanuvchi bu paytga kelib voyaga yetgan-yetmaganligidan qatʼi nazar, bunday ishlar boʻyicha advokat hamda qonuniy vakil ishtirok etishi shart. Ushbu qoida shaxs jinoyatlardan birini 18 yoshga toʻlmasdan oldin, boshqasini voyaga yetganidan soʻng sodir etganlikda ayblangan hollarda ham amal qiladi. Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasiga muvofiq, surishtiruv, dastlabki tergov harakatlari va sud muhokamasi davrida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyat ishlari boʻyicha advokatning ishtirok etishi shart. Mazkur qoida JPKning 52-moddasi talabiga koʻra voyaga yetmagan shaxs himoyachidan voz kechganda ham tatbiq etiladi. Ushbu protsessual qonun talablariga rioya qilmaslik JPK 488-moddasiga asosan, hukmning bekor qilinishiga asos boʻladigan jinoyat protsessual qonunning jiddiy buzilishi deb qaralishi kerak. Himoyachi ishtirok etishi shart boʻlgan hollarda uning ishtirokisiz aniqlangan har qanday dalil yuridik kuchga ega emasdir.