Turar joyni egalikka, shu jumladan foydalanuvchilardan birining egaligiga berish toʻgʻrisidagi shartnomaning qonuniyligi xususida nizo vujudga kelgan holda, bu shartnoma, shuningdek egalik huquqini beruvchi davlat orderi manfaatdor shaxslarning daʼvo arizalari boʻyicha sud tomonidan bitimlarni haqiqiy emas deb topish haqidagi fuqarolik qonunchiligi bilan belgilangan asoslarga muvofiq haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Turar joyni xususiylashtirish amalda asosan oila aʼzolaridan birining nomiga rasmiylashtirilishi va davlat orderi ham oʻsha shaxs nomida boʻlishini nazarda tutib, bu shaxs bilan turar joyni xususiylashtirishga rozilik bergan oila aʼzolari oʻrtasidagi nizolar boʻyicha ishni sud majlisida koʻrishga tayyorlash bosqichida sudlar tuman ichki ishlar boshqarmalaridan nizoli uyda roʻyxatda boʻlganlar haqida maʼlumotnomani, hamda shu xonadonda yashagan barcha shaxslar imzo qoʻygan va hokimiyatda saqlanadigan xususiylashtirishni soʻrab yozilgan arizani va nizoni toʻgʻri hal etish uchun ahamiyatli boʻlgan boshqa tegishli hujjatlarni talab qilib olishlari zarur.