Xususiylashtirilgan turar joylarga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf qilish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 2-band. Davlat uy-joy fondidagi turar joyni xususiylashtirishni amalga oshirishda fuqaro va…

Davlat uy-joy fondidagi turar joyni xususiylashtirishni amalga oshirishda fuqaro va mulkdorlarning huquqini himoya qilish munosabati bilan vujudga keluvchi nizolar sudlarga taalluqlidir. Xususiylashtirilishi mumkin boʻlgan turar joylarga — mahalliy davlat organlarining uy-joy fondi hamda davlat organlari, korxonalari, muassasa va tashkilotlarining toʻliq xoʻjalik tasarrufidagi yoki operativ boshqaruvidagi uy-joy fondlari kiradi. “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasi 1-qismiga binoan xususiylashtirish obyektlariga: fuqarolar ijara shartnomasi asosida foydalanayotgan koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar va bir kvartirali uylar (uylarning bir qismi); qayta tiklash va taʼmirlash ishlari tugallangan, lekin odamlar koʻchib kirmagan, hamda boʻshatilgan uylarning kvartiralari, bir kvartiralik uylar (uylarning bir qismi); yangi qurilgan uylardagi kvartiralar kiradi. “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasi 3-bandiga muvofiq ikki yoki undan ziyod ijarachi yashab turgan kvartiralar barcha ijarachilarning roziligi boʻlmasa, xususiylashtirilishi mumkin emas. Barcha ijarachilarning roziligi bilan ular egallab turgan kvartira xususiylashtirilishi mumkin, bunda xususiylashtirishning har bir ishtirokchisida (ijarachida) kvartiraga nisbatan umumiy hissali mulk huquqi vujudga keladi.