Yakka tartibda qurilgan uyga boʻlgan mulk huquqi bilan bogʻliq nizolar boʻyicha sud amaliyoti toʻgʻrisida 14-band. Umumiy ulushli mulk ishtirokchisining uyga boʻlgan ulushini asl holida ajratib berishning…

Umumiy ulushli mulk ishtirokchisining uyga boʻlgan ulushini asl holida ajratib berishning imkoniyati boʻlmagan taqdirda, uyning unga tegishli qismi oʻrniga, Fuqarolik kodeksi 223-moddasining oltinchi qismiga koʻra, boshqa mulkdorlar tomonidan pul summasini toʻlash yoki boshqacha kompensatsiya toʻlanishiga uning roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Ayrim hollarda, sud uyga boʻlgan umumiy ulushli mulkning boshqa ishtirokchilari zimmasiga ajralib chiqayotgan mulkdorning roziligi boʻlmagan taqdirda ham unga tegishli ulush uchun yuqorida koʻrsatilgan moddiy huquq normasiga muvofiq pul summasi yoki boshqacha kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklashi mumkin boʻlib, sud bu holatni oʻzining qarorida asoslantirmogʻi lozim. Pul kompensatsiyasi, xususan uyga boʻlgan umumiy mulkda mulkdorning ulushi arzimas boʻlsa va amalda uni ajratib berish mumkin boʻlmasa hamda mazkur mulkdor umumiy mulkdan foydalanishdan katta manfaatga ega boʻlmasa (masalan, ajralib chiqayotgan mulkdor bu uyda yashamaydigan va boshqa uy-joy maydoni bilan taʼminlangan boʻlsa), toʻlanishi mumkin. Umumiy ulushli mulk ishtirokchisining uydan foydalanishda katta manfaatga ega boʻlish yoki boʻlmasligi masalasini sud har bir muayyan holatdan, taraflar tomonidan taqdim qilingan dalillar yigʻindisidan (xususan, yoshiga koʻra uydan foydalanishga muhtojligi, salomatlik darajasi, bolalarining yoki boshqa oila aʼzolarining shu jumladan mehnatga layoqatsiz oila aʼzolarining borligi va h.k.) kelib chiqib hal qiladi. Sanab oʻtilgan shartlarning birortasi boʻlmagan taqdirda, sud umumiy mulkning boshqa ishtirokchilariga kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklashga haqli emas. Mulkdor pul kompensatsiyasini olganidan soʻng umumiy ulushli mulk boʻlgan uydagi ulushiga boʻlgan mulk huquqini yoʻqotadi.