Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida 2-band. Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, yarashuv toʻgʻrisidagi arizaning shakli, mazmuni…

Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, yarashuv toʻgʻrisidagi arizaning shakli, mazmuni va uni taqdim etish tartibiga nisbatan qonunda muayyan talablar qoʻyilgan. Yarashuv toʻgʻrisidagi ariza har doim yozma shaklda taqdim etilib, unda jinoyat natijasida yetkazilgan zarar bartaraf etilganligi (yoki jabrlanuvchining zarardan voz kechganligi) va yarashilganligi munosabati bilan jinoyat ishini tugatish haqidagi iltimos koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Yarashuv toʻgʻrisida ish yuritish masalasini qoʻzgʻatish huquqiga qonunda belgilangan tartibda jabrlanuvchi (fuqaroviy daʼvogar) deb topilgan shaxs yoki uning qonuniy vakili egadir. Jabrlanuvchi bilan ayni bir vaqtning oʻzida ishda fuqaroviy daʼvogar ham qatnashgan hollarda yarashuv toʻgʻrisida ish yuritishni boshlash uchun ham jabrlanuvchi, ham fuqaroviy daʼvogar tomonidan tegishli ariza berilgan boʻlishi shart. Ish boʻyicha bir gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va bir necha jabrlanuvchi boʻlgan hollar uchun ham qonunda aynan shunday talablar belgilangan. Jabrlanuvchilarning hatto birortasidan tegishli ariza boʻlmagan hollarda ham yarashuv toʻgʻrisida ish yuritish mumkin emas. Bunday holda jinoyat ishi boʻyicha ish yuritish umumiy asoslarda olib boriladi.