Yuridik ahamiyatga ega boʻlgan fakt aniqlanganligi toʻgʻrisidagi ish boʻyicha hal qiluv qarori FPK 253-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlishi lozim. Hal qiluv qarorida ishning holati toʻgʻrisidagi xulosalarni tasdiqlovchi ishni hal etish uchun ahamiyatga ega boʻlgan dalillar koʻrsatilishi, ariza qanoatlantirilgan taqdirda, belgilangan fakt aniq ifoda etilishi lozim. Hal qiluv qarori xulosa qismining bayoni sud tomonidan FPK 295-moddasi ikkinchi qismining tegishli bandida yozilganidek aniq ifoda etilishi lozim. FPK 16-moddasiga koʻra, yuridik ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni aniqlash boʻyicha sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, bunday faktlarni roʻyxatga oluvchi yoki sud tomonidan faktni belgilanishi munosabati bilan vujudga kelgan huquqni rasmiylashtiruvchi organlar uchun majburiydir. FHDY organlarida qayd qilinishi yoki boshqa organlarda rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan faktlarni aniqlash toʻgʻrisidagi sudning hal qiluv qarori ushbu organlar tomonidan beriladigan hujjatlarning oʻrniga oʻtmasdan, balki bunday faktni qayd qilish yoki rasmiylashtirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi (FPK 297-moddasi).