Sudlar shuni nazarda tutishlari kerakki, oʻlganning qaramogʻida boʻlganlik faktini belgilash, agarda berib kelingan yordam arizachining hayot kechirishi uchun doimiy va asosiy manba boʻlgan boʻlsa, meros olish, pensiya tayinlash yoki zararni toʻlatish uchun ahamiyatga egadir. Arizachi ish haqi, pensiya, stipendiya olib kelgan yoki boshqa daromad manbaiga ega boʻlgan hollarda, yordam koʻrsatib kelgan shaxs tomonidan berilgan yordam arizachining hayot kechirishi uchun doimiy va asosiy manba boʻlgan-boʻlmaganligini aniqlash kerak. Boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa tayinlash uchun birovning qaramogʻida boʻlganlik fakti qonunchilik bilan vakolat berilgan organning (xususan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi) maʼlumotnomasi bilan tasdiqlanadi. Maʼlumotnomani berishni rad qilinishi yoki shaxsni vafot etganning qaramogʻida boʻlmaganligi haqida maʼlumotnoma berilishi, qaramogʻida boʻlganlik faktini sud tartibida belgilash imkoniyatini istisno etmaydi.