Prokuratura toʻgʻrisida 23-modda. Nazorat predmeti

Quyidagilar nazorat predmetiga kiradi: barcha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, davlat nazorat idoralari, hokimlar, muassasalar, korxonalar, tashkilotlar, birlashmalar, harbiy qismlar, vazirliklar va idoralarning harbiy mahkamalari, harbiylashtirilgan tarkibiy boʻlinmalari, jamoat tashkilotlari, partiyalar va harakatlar, mansabdor shaxslar qonunlarni bajarayotganligi, shuningdek ular chiqarayotgan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligi; shaxsning daxlsizligi toʻgʻrisidagi, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, shaxsiy huquq va erkinliklari toʻgʻrisidagi, ularning shaʼni va qadr-qimmatini muhofaza qilish (basharti ushbu huquqlarni muhofaza etishning oʻzga tartibi koʻzda tutilmagan boʻlsa) toʻgʻrisidagi qonunlarga rioya etilishi; iqtisodiy munosabatlarga, atrof-muhitni muhofaza qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatga doir qonunlarga rioya etilishi; fuqarolarning qonunlarga rioya etishlari. Prokuror aralashuvini talab qiladigan qonun buzilish hollari haqida arizalar yoki boshqa maʼlumotlar tushganda, shuningdek, yetarli asoslar boʻlganda ham oʻz tashabbusi bilan qonunlar ijrosining tekshiruvlari oʻtkaziladi. Prokurorning xoʻjalik va boshqa turdagi faoliyatga bevosita aralashuviga, shuningdek idoraviy boshqaruv va nazorat organlari faoliyatini amalga oshirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.