Prokuratura toʻgʻrisida 25-modda. Prokurorning protesti

Prokuror yoki uning oʻrinbosari qonunga zid boʻlgan normativ hujjatga nisbatan ana shu hujjatni chiqargan idoraga yoki yuqori turuvchi idoraga protest keltiradilar. Mansabdor shaxsning xatti-harakatlariga nisbatan ham xuddi shu tartibda protest keltiriladi. Prokuror keltirgan protest bu protest topshirilgan vaqtdan boshlab koʻpi bilan oʻn kunlik muddat ichida qarab chiqilishi shart. Qonuniylik buzilganligiga tezda barham berish talab qilingan favqulodda holatlarda prokuror protestini qarab chiqishning qisqartirilgan muddatini belgilashga haqlidir. Protestni qarab chiqish natijalari toʻgʻrisida prokurorga darhol yozma ravishda maʼlum qilinadi. Protest kollegial idora tomonidan qarab chiqilgan taqdirda majlis boʻladigan kun prokurorga maʼlum qilinadi, u protestni qarab chiqishda ishtirok etishga haqlidir. Protest gʻayriqonuniy huquqiy hujjat chiqargan idora yoki yuqori turuvchi idora tomonidan rad etilgan taqdirda, shuningdek protest qonunda belgilangan muddat ichida qarab chiqilmagan taqdirda, prokuror tegishli sudga ana shu hujjatni gʻayriqonuniy deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilishga haqlidir. Sudga ariza protest rad etilganligi toʻgʻrisidagi axborot qilingan paytdan boshlab bir oylik muddat ichida yoki qarab chiqish uchun qonunda belgilangan muddat oʻtganidan keyin berilishi mumkin. Prokurorning sudga ariza berishi u sudda qoʻrib chiqilguniga qadar hujjatning amal qilishini toʻxtatib qoʻyadi.